Eronda 11 nafar erini o‘ldirganlikda ayblanayotgan Kolshum Akbariyga qarshi sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

Jinoyatlar 2001-yildan 2023-yilgacha sodir etilgan. Akbariyning 20 dan ortiq turmush o‘rtog‘i bo‘lgan, ularning aksariyati vafot etgan. Tergovchilar fikricha, ayol erlarini o‘ldirib, har safar ularning merosiga ega chiqqan. Akbariy dastlabki qotilliklaridan birida erini texnik spirt bilan zaharlagan, so‘ngra yostiq bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan. Shundan keyin u marhumning katta yer maydonini meros sifatida qo‘lga kiritgan.
Akbariy qayta turmushga chiqishdan oldin o‘ziga to‘q keksa erkaklarni tanlab, ularning moliyaviy ahvolini o‘rgangan, deydi Eron ommaviy axborot vositalari.
Ayol jami 18 ta vaqtinchalik nikoh va 19 ta doimiy nikoh tuzgan, bularning barchasi erlarining o‘limi bilan yakunlangan. Eronda vaqtinchalik nikoh (muta) munosabatlarni ma’lum muddatga — bir soatdan bir necha yilgacha rasman qayd etish imkonini beradi.
Tergovchilar fikricha, boshqa ko‘plab holatlarda ayol erlarini qandli diabetga qarshi dorilar va jinsiy faoliyatni yaxshilovchi vositalar aralashmasi bilan asta-sekin zaharlagan. Ba’zida bunday preparatlarga texnik spirt ham qo‘shgan. Voqealardan birida u erkakni dori-darmonlar yordamida zaiflashtirganidan so‘ng, nam sochiq bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan.
Akbariyning barcha qurbonlari keksa bo‘lgani uchun ularning o‘limi hech kimda shubha uyg‘otmagan. Buning ustiga, ayol o‘limlariga qadar ularga g‘amxo‘rlik qilgan va ahvoli og‘irlashganda kasalxonaga olib borgan. Biroq erkaklar kasalxonadan chiqarilgandan so‘ng ham, ayol ularga zahar berishni davom ettirgan.
Ma’lumot o‘rnida, Hindistonda yetti oy ichida 25 nafar erkakka turmushga chiqqan firibgar kelin ushlangan edi. Anuradha Pasvan ismli bu ayol “Qochqin kelin” laqabini olgan bo‘lib, u bir nechta shaxslardan iborat jinoiy guruhining a’zosi bo‘lgan. Kelinning hayoti odatda quyidagicha o‘tgan: u ishonuvchan va hech narsadan bexabar erkaklarga turmushga chiqib, bir necha kundan so‘ng ularning pullari, qimmatbaho taqinchoqlari va elektron buyumlari o‘g‘irlab, g‘oyib bo‘lgan.
Izoh (0)