O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va uni OAV hamda internetda tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi kutilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 12-avgustdagi majlisida sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi. 15-aprelda o‘tkazilgan majlisda deputatlar qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida to‘xtalib, uni yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirgandi.
Sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasida “sun’iy intellekt” tushunchasi, sun’iy intellektni joriy etish va rivojlantirishga oid davlat siyosatining asoslari, maxsus vakolatli organ vazifalari, axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sun’iy intellektdan foydalanishning umumiy huquqiy asoslari belgilanmoqda.
Loyihada insonning huquq va erkinligiga aloqador yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqatgina sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosasiga tayanib qolish mumkin emasligi o‘z aksini topmoqda.
Shuningdek, loyihada sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va uni OAV hamda internetda tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanyapti.
Majlisda qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi sun’iy intellektdan foydalanishni yanada rivojlantirish, uni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy tartibga solish, bu yo‘nalish bo‘yicha yangi qonun hujjatlarini qabul qilish, sun’iy intellektdan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va tarqatishning oldini olishga xizmat qiladi.
Izoh (0)