O‘zbekiston Markaziy banki 2015-yil 29-dekabrdan boshlab valyuta operatsiyalari bo‘yicha buxgalteriya hisobi, statistik va boshqa hisobotlarni yuritish, shuningdek, bojxona va boshqa majburiy to‘lovlari uchun xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan yangi qiymatlarini belgiladi.
Unga ko‘ra, 1 AQSh dollari 2809 so‘m 98 tiyin etib belgilandi. Bu 22-dekabrdagi kursga nisbatan roppa-rosa 15 so‘mga ko‘p.
Bungacha O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi ketma-ket o‘n ikki haftadan beri kamida 14 so‘mga qimmatlashayotgan edi. Undan avval esa AQSh valyutasi 4—6 so‘m atrofida yuqorilab borayotgan edi.
“Gazeta.uz”ning yozishicha, O‘zbekiston so‘mi 2015-yil boshidan beri (2422,40 so‘m) dollarga nisbatan 387,58 so‘mga yoki 15,9 foizga qadrsizlandi. Eslatib o‘tamiz, 2014-yil davomida dollar so‘mga nisbatan 9,9 foizga o‘sgan edi.
29-dekabrdan e’tiboran 1 yevro qiymati 3074 so‘m 19 tiyin (22-dekabrdagi kursga nisbatan 11 so‘m 53 tiyin qimmat), 1 Rossiya rubli esa 39 so‘m 99 tiyin (22-dekabrdagi kursga nisbatan 80 tiyinga qimmat) etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, valyuta qiymatini belgilash chog‘ida Markaziy bank mazkur valyutalarni ushbu qiymatda sotish yoki sotib olish majburiyatini olmagan.
Izoh (0)