Rossiya neft narxlarining tushishi oqibatidagi iqtisodiy pasayish tufayli Qirg‘izistonda oldin kelishilgan ikki loyihani moliyalashtirish imkoniga ega emas. Bu haqda 24-dekabr, payshanba kuni Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev har yilgi matbuot anjumani chog‘ida ma’lum qildi, deya xabar beradi “RBK”.
“Rossiya iqtisodiyoti ko‘tarilishda bo‘lmagan, neft narxi esa pasayishda davom etayotgan hozirgi holatda Rossiya mazkur kelishuvlarni amalga oshirolmasligi ko‘rinib turibdi. Qirg‘iziston bu kelishuvlardan chiqishi va Yuqori Norin kaskadi hamda Qambarota GES qurilishi uchun boshqa investorlar qidirishi lozim. Bu loyihalarni to‘xtatib qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Men buni Putin bilan muhokama qildim va Rossiya tomoni bezovtaligimizni to‘g‘ri tushunganini his etdim”, — deya ta’kidlagan Atambayev.
Rossiya 2012-yil sentabrida Qirg‘izistonning salkam 500 million dollar qarzidan kechgan va Yuqori Norin kaskadi hamda Qambarota GES qurib berishni va’da qilgandi. Ikki loyihaning umumiy qiymati 3 milliard dollar atrofida baholangan.
Izoh (0)