General Motors Powertrain Uzbekistan qo‘shma korxonasi ishchilari zavod yaqinida joylashgan 237-maktabda ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga bag‘ishlangan maxsus tadbir tashkil etdi. Maktab o‘quvchilari bilan uchrashuv kompaniyaning ijtimoiy mas’ullikka yo‘naltirilgan loyihasi doirasida o‘tkazildi. Bu haqda “O‘zavtosanoat” AK matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tadbirda o‘quvchilarga General Motors kompaniyasining rivojlanish tarixi hamda atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha taqdimotlar namoyish etildi. Kompaniyaning ekologiya va atrof-muhit bo‘yicha menejeri Ozoda Ismailova bolalar bilan birgalikda havoning ifloslanishi, biologik xilma-xillikni asrash, chiqindilarni utilizatsiya qilish kabi global muammolarni muhokama qilish bilan birga atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha General Motors Powertrain Uzbekistan qo‘shma korxonasi amalga oshirayotgan ishlar haqida hikoya qilib berdi.
“Maktab o‘quvchilari bilan qizg‘in suhbat tarzida o‘tkazilgan tadbirda bolajonlar kompaniya va uning tizimida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob oldi. Tadbir so‘ngida korxona ishchilari ishlab chiqarishdan ortib qolgan materiallardan tayyorlangan qush uyalarini bolajonlar o‘zlari o‘rnatishlari uchun ularga taqdim etdi”, — deyiladi “O‘zavtosanoat” matbuot xizmati xabarida.
Izoh (0)