GM Uzbekistan 2016-yil may oyidan T250 (Chevrolet Aveo) platformasi bazasida yangi modelni ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu haqda, “RIA Novosti”ga asoslanib, UzDaily xabar bermoqda.
“Yangi modelni ishlab chiqarish 2016-yil may oyida boshlanadi, hozirgacha yangi model uchun mo‘ljallangan bir qator ehtiyot qismlarini tayyorlash o‘zlashtirildi”, — dedi “RIA Novosti”ning “O‘zavtosanoat”dagi manbasi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda Chevrolet Aveo’ning mahalliylashtirish darajasi 25 foizni tashkil etadi.
Avvalroq, GM Uzbekistan kompaniyasi T250 platformasi bazasidagi yangi avtomobilni seriyalab ishlab chiqarishni tashkil etish uchun 2015—2016-yillarda 104,2 million dollar miqdorida investitsiya yo‘naltirishi haqida xabar berilgan edi.
Ishlab chiqarish quvvati yiliga 73,6 ming avtomobilni tashkil etadi. Yangi model ikki yil davomida avtozavodda shu klassda ishlab chiqarilayotgan boshqa marka o‘rnini egallaydi va eksportni diversifikatsiya qilish imkonini beradi.
Izoh (0)