Fransiya rasmiylari parranda grippi tarqalishi qayd etilgan mamlakat janubi-g‘arbida epidemiologik vaziyatni to‘liq nazorat qilmoqda. Bu haqda 22-dekabr, seshanba kuni Fransiya qishloq xo‘jaligi vaziri Stefan Le Fol ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
“Mahalliy parrandachilik fermalarida aniqlangan kasallik inson uchun xavf tug‘dirmaydi. Fransuzlar xavotirlanishi uchun hech qanday asos yo‘q. Ular parranda bilan bog‘liq barcha mahsulotlardan bemalol foydalanishi mumkin”, — deya ta’kidlagan vazir BFM TV telekanali efirida.
Vazirning aytishicha, aniqlangan virus shtammi faqat parrandalar orasida tarqaladi va taom orqali yuqmaydi. Asos sifatida u Fransiya sanitar va oziq-ovqat xavfsizligi milliy agentligi tomonidan dekabr oyida tayyorlangan hamda odamlarga yuqish xavfi yo‘qligini tasdiqlagan hisoboti natijalarini keltirgan.
Izoh (0)