Turkiya Rossiya Su-24 samolyoti urib tushirilganidan so‘ng joriy etgan sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqishni maqsadga muvofiq deb biladi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Mevlyut Chavusho‘g‘lu Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolangan Turkiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi farmonga shunday izoh berdi, deya ma’lum qildi “Gazeta.ru”.
“Mamlakatlarimiz manfaati va ularning kelajagini inobatga olgan holda mazkur choralarni ko‘rib chiqish va zudlik bilan bekor qilish lozim deb hisoblaymiz. Iqtisodiyot va savdo ikki tomonlama munosabatlarimizda alohida o‘rin egallab kelgan. Sodir bo‘lgan qayg‘uli hodisa tufayli ko‘p yillik urinishlar natijasida mustahkam asosga ega bo‘lgan munosabatlarimizga putur yetkazilishini noto‘g‘ri deb hisoblaymiz. Buning salbiy oqibatlarini rossiyaliklar bizning xalqimizdan kam sezmaydi”, —deya ta’kidlagan vazir.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Chavusho‘g‘lu rossiyalik hamkasbi Lavrov bilan uchrashuv yuzaga kelgan mojaroni hal eta olmaganligini bildirib, Anqara hozircha Rossiyaga nisbatan javob sanksiyalari joriy etishni rejalashtirmayotganligini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)