Abonentlarga uzluksiz va sifatli aloqa xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha qabul qilayotgan qarorlari yetarli bo‘lmagani sabab, Ucell va Beeline’ga nisbatan chora ko‘rildi. Bu haqda Aloqa axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xabar berishlaricha, inspeksiya tomonidan O‘zbekiston hududida mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan 4 ta mobil aloqa operatorlariga kelgusida tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishiga e’tibor qaratishlari yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan.
“Biroq Unitel (Beeline savdo belgisi ostida xizmat ko‘rsatadi) va Coscom (Ucell savdo belgisi ostida xizmat ko‘rsatadi) mobil aloqa kompaniyalar tomonidan abonentlarga uzluksiz va sifatli aloqa xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha o‘z vaqtida tezkor va to‘laqonli qarorlar qabul qilishda hamda radioelektron vositalardan noqonuniy foydalanishning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yetarli darajada emas”, — deyiladi inspeksiya axborotida.
Inspeksiya mazkur kompaniyalarga o‘z faoliyatlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish va mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatishda O‘zbekiston qonunlari va normativ hujjatlari talablariga muvofiq ishlarni tashkil qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Belgilangan talablarni bajarilishini ta’minlash maqsadida mobil aloqa xizmatlari sifat ko‘rsatkichlarini buzganliklari va radiochastota hamda radioelektron vositalardan noqonuniy foydalanganliklari uchun 2015-yil 27-noyabrda Beeline va Ucell’ning mansabdor shaxslariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik kodeksining 152-moddasi 1- qismi (“Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish tartiblarini buzish”) va 153-moddasi (“Aloqa xizmatining sifatiga doir normalar va davlat tarmoq standartlarini buzish”) talablariga asosan ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi.
Izoh (0)