Akmal Kamalov “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi boshqaruvining raisi etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston TIVning Facebook’dagi sahifasiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Akmal Kamalov 2014-yilning oktabridan beri O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimida ishlab kelayotgandi.
U Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti (1991-yil, muhandis-mexanik) va Prezident qoshidagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi (2004-yil, xalqaro iqtisodiy munosabatlar magistri) bitiruvchisi hisoblanadi. Iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega.
2001—2005-yillarda “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat kompaniyasida xalqaro iqtisodiy aloqalar departamenti rahbari bo‘lib ishlagan.
2005—2011-yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi raisi o‘rinbosari, keyin esa Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
2011—2014-yillarda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan.
Eslatib o‘tamiz, paxta tolasini qabul qilish, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2015-yil 27-oktabrdagi farmoniga asosan tashkil etilgan.
Izoh (0)