Rossiya parlamentiga migrant bolalar uchun maktablarda o‘qishni pullik qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi kiritildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Deputatlar “Rossiyada ta’lim to‘g‘risida”gi federal qonunning 78-moddasiga o‘zgartirish kiritishni taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, chet elliklar maktabgacha, boshlang‘ich, o‘rta umumiy hamda o‘rta maxsus ta’limni pullik asosda oladi.
Bu to‘lovlar jismoniy va yuridik shaxslar mablag‘lari hisobidan, pullik ta’lim xizmatlari shartnomalari asosida amalga oshiriladi. Loyiha, shuningdek, rus tilini bilish bo‘yicha testni yiliga uch martadan ortiq bepul topshirishni cheklashni taklif qiladi.
Qonun mualliflari fikricha, migrant bolalar sonining ortishi Rossiya maktablarida joy tanqisligiga olib kelmoqda. 2025-yilda 900 mingdan ortiq o‘quvchiga o‘rin yetishmasligi kuzatildi. Bu, ayniqsa, yangi va tez rivojlanayotgan hududlarda sezilmoqda. Ayrim maktablar o‘nlab birinchi sinflarni qabul qilmoqda, ikkinchi smenada o‘qiyotganlar ulushi esa ortib bormoqda.
Deputatlar o‘qituvchilarga tushayotgan yuklama ham oshganini ta’kidladi. Ba’zi pedagoglar belgilangan me’yoridan bir yarim-ikki baravar ko‘p ishlashga majbur, bu ularning maoshini oshirish zaruratini yuzaga keltiradi. Tashabbus mualliflari ushbu o‘zgarishlar byudjet mablag‘larini tejash, o‘qituvchilarga qo‘shimcha to‘lovlar ajratish, ta’lim muhitini yaxshilash va xorijda rus tilini o‘rganishga qiziqishni oshirishga xizmat qilishini aytmoqda.
Izoh (0)