Qirg‘iziston prezidenti apparatining sobiq rahbari Daniyar Narimbаyev sud tomonidan uch yilik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Nаrimbаyev Bishkekning Pervomayskiy tumani sudi tomonidan ‘Firibgarlik’ moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi. Sud, shuningdek, uning mol-mulkini musodara etish haqida qaror qabul qildi. Nаrimbаyev kuchaytirilgan tartibdagi koloniyada jazoni o‘taydi. Bu jinoiy ishning yana bir qatnashchisi — mamlakat parlamentining sobiq deputati Xajimurat Korkmazov shu modda bo‘yicha 1,5 yillik qamoq jazosiga hukm etilgan. Uning ham mol-mulki musodara etiladi va jazoni kuchaytirilgan tartibdagi koloniyada o‘taydi”, — deya ma’lum qilingan respublika Oliy sudi kanselyariyasida.
Nаrimbаyev tergov ostida bo‘lgan Bishkek shahrining sobiq meri Nariman Tyuleyev yaqinlaridan 100 ming dollar ta’ma qilishda ayblanib, iyul oyida hibsga olingandi. Tergov taxminiga ko‘ra, u ushbu summa evaziga poytaxtning sobiq rahbari uchun ijobiy sud qarori chiqarilishini va’da qilgan. Nаrimbаyev qamoqqa olinishidan bir necha kun avval Tyuleyevning qarindoshlaridan katta miqdorda mablag‘ olayotgan chog‘ida Korkmazov qo‘lga tushadi. Deputat pullarni prezident apparati rahbariga berish uchun olganini ma’lum qiladi.
Nаrimbаyev va Korkmazovning advokatlari ayblov dalillarini yetarli emas deb hisoblamoqda va yuqori sud idorasiga apellyatsiya berishga hozirlik ko‘rmoqda.
Izoh (0)