Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi Misrda Rossiya laynerining qulashi munosabati bilan bortida qutqaruvchilar bo‘lgan uchta samolyotni Misrga jo‘natishga shay holatga keltirdi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
Rossiya FVV matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, “Spas” markazining aeromobil guruhi bo‘linmasi, FVVning “Lider” markazi, ikkita Il-76 samolyotlari va bitta Be-200 samolyoti tayyor holga keltirilgan.
Sharm-ash-Shayxdan Sankt-Peterburgga uchgan “Kogalimavia” aviakompaniyasining Airbus 321 layneri Toshkent vaqti bilan 31-oktabr, shanba kuni soat 8:51da Misrdan ko‘tarilgan va oradan 23 daqiqa o‘tib radarlar ekranidan yo‘qolgan.
Sharm-ash-Shayx aeroportidagi manbaning “RIA Novosti”ga ma’lum qilishicha, parvoz boshlanganidan so‘ng samolyot uchuvchisi texnik nosozliklar sabab yo‘nalishni o‘zgartirish va Qohira aeroportiga qo‘nish uchun ruxsat so‘ragan.
Misr bosh vaziri Ismoil Sharif devonining ma’lum qilishicha, samolyot Sinay yarim orolida qulagan. Mazkur axborotni Misr Transport vazirligi ham tasdiqladi. Samolyot bortida 224 kishi — 200 katta yoshli va 17 bola hamda ekipajning yetti a’zosi bo‘lgan.
Izoh (0)