Turkiya Suriyadagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha Suriya xalqi uchun nomaqbul bo‘lgan rejani qabul qilmaydi. “TASS” xabariga ko‘ra, bu haqda Turkiya bosh vaziri Ahmet Davuto‘g‘li ma’lum qildi.
“Masala Asad ishtirokidagi o‘tish davrida emas, balki Asadning ketishi bilan bog‘liq formulani ishlab chiqishda. Bu masalada Turkiyaning nuqtai nazari ochiq-oydin — biz muammoning Suriya xalqini qoniqtirmaydigan yechimini qabul qilmaymiz. Hech qanday boshqa variantga rozi bo‘lmaymiz”, — dedi u.Turkiya bosh vazirining qayd etishicha, “bunda gap (Suriya masalasi bo‘yicha AQSh tomonidan taklif qilingan) rejaga Turkiyaning imzo qo‘yishi haqida ketayotgani yo‘q”.
“Turkiyaning nuqtai nazari ma’lum, biroq muammo yechimining boshqa yo‘llari taklif qilinishi mumkin. Ular mazkur masala muhokamasi davomida paydo bo‘lishi mumkin”, — dedi Davuto‘g‘li.
Turkiyaning “Milliyat” gazetasi xabariga ko‘ra, AQSh 20-oktabr, seshanba kuni manfaatdor tomonlarga, xususan, Rossiyaga, Suriyadagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha rejani taqdim etgan. Unga ko‘ra, Bashar Asad yarim yil davomida o‘tish davri ma’muriyatiga rasman rahbarlik qiladi, shundan so‘ng hokimiyatni muvaqqat hukumatga topshiradi.
Izoh (0)