Toshkent shahrining Qoraqamish dahasida Inkassatsiya xizmatining Captiva rusumli avtomobili ariqqa tushib ketdi. Hodisa joyidan olingan fotosurat Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhida e’lon qilingan.
Fotoxabar ostida fikr bildirgan foydalanuvchilarning aksariyati inkassatsiya xizmati haydovchilari “eng surbet va betartib” ekanligini yozgan, ulardan biri esa Captiva haydovchisi oldindagi mashinani qoidaga zid ravishda o‘ng tomondan quvib o‘tishga uringan vaqtida ariqqa tushib ketgan, deb gumon qilgan.
Avtomobilning old g‘ildiragi qanday qilib ariqqa tushib ketgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa natijasida hech kim jabrlanmagan, avtomobil tezda ariqdan chiqarib olingani aytilmoqda, biroq unga qanday zarar yetgani ma’lum qilinmagan.
“Xursand bo‘lishga sabab yo‘q, mashina davlatniki”, — deb yozadi foydalanuvchilardan biri. Boshqa bir foydalanuvchi esa inkassatsiya xizmati haydovchilarini “soliq to‘lovchilarning puliga olingan mashinalarni ehtiyotroq bo‘lib haydashga” chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq internet foydalanuvchilari inkassator mashinalarining yo‘l qoidalarini buzishi ustidan shikoyat qilib, qoidabuzar haydovchilarning mashinalari suratlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgandi.
Izoh (0)