Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati arbitraj sudi ijtimoiy tarmoqda fonogrammalarni tarqatgani uchun “VKontakte”dan kompensatsiya talab etayotgan Universal Music hamda Warner Music ovoz yozish kompaniyalari da’vosini rad etdi. Sud ijtimoiy tarmoqni “musiqali yozuvlardan foyda olishni ko‘zlamaydigan axborot vositachisi” deya tan olgan. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
Warner Music va Universal Music, shuningdek, Sony Music 2014-yil bahorida mualliflik huquqlarini buzishda ayblab, ijtimoiy tarmoqni sudga bergan hamda ko‘rilgan ziyonni qoplash uchun kompensatsiya sifatida 50 million rubldan ziyod mablag‘ to‘lashni talab qilgan.
Shu yil iyul oyida Sony Music “VKontakte” bilan kelishuv imzolagani, mazkur kelishuv huquq egalariga to‘lovlar kafolati hamda foydani ikki tomon o‘rtasida bo‘linishini ko‘zda tutishi haqida xabar berilgan edi.
Warner Music va Universal Music kompaniyalarining Rossiyadagi vakillari sud qarori yuzasidan hozircha izoh bermagan.
Izoh (0)