Xalqaro astronomlar jamoasi birinchi marta Quyoshga o‘xshash yosh yulduz atrofida toshli sayyoralar shakllanishining eng dastlabki bosqichini kuzatdi. Bu olimlar uchun bizning sayyoralar tizimimiz tarixi 4,5 milliard yil oldin qanday boshlangani haqida tasavvur hosil qilish imkoniyatini bergan. Tadqiqot natijalari Nature jurnalida e’lon qilindi.

Tadqiqot obyekti sifatida yoshi atigi 100-200 ming yil deb baholangan, shakllanayotgan sariq mitti HOPS-315 protoyulduzi tanlandi. U Yerdan Orion yulduz turkumi yo‘nalishida taxminan 1370 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan.
Jeyms Uebb kosmik teleskopi va ALMA radiointerferometri yordamida olimlar yulduz atrofidagi gaz-chang diskini o‘rganib, u yerda issiq mineral zarralar - silikat kristallari va kremniy oksidi molekulalarini aniqlashgan. Zamonaviy tasavvurlarga ko‘ra, aynan shunday moddalar Quyosh tizimidagi sayyoralarning dastlabki qattiq “g‘ishtchalari” bo‘lgan.
Kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, minerallar hosil bo‘lishining faol zonasi taxminan bizning tizimimizda Mars va Yupiter orasidagi asteroidlar mintaqasi joylashgan joyda joylashgan. Ilgari bunday jarayonni Quyosh tizimidan tashqarida kuzatish imkoni bo‘lmagan edi - bu sayyoralar paydo bo‘lishining umumiy bosqichimi yoki bizning sayyoralar tizimimizning o‘ziga xos xususiyatimi, noma’lum edi.
Astronomlar “Yerga o‘xshash” dunyolarning shakllanish jarayoni qanchalik keng tarqalganligini tushunish uchun boshqa shunga o‘xshash obyektlarni izlashni rejalashtirmoqda.
“Biz yolg‘izmizmi yoki Yerga o‘xshash sayyoralar koinotda biz o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq paydo bo‘ladimi, shuni bilishni istaymiz”, deya ta’kidladi tadqiqot hammuallifi, Purdyu universiteti olimi Merel van t’Xoff.
Bundan avval Kvinslend universiteti professori Sara Suit rahbarligidagi guruh 2,5 milliard yildan so‘ng Somon yo‘li eng yaqin yirik galaktika — Andromeda, shuningdek, ularning mitti yo‘ldoshlari bilan to‘qnashishini bildirgandi.
Izoh (0)