Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzodlikka da’vogar Donald Tramp mamlakatda o‘qotar qurol aylanmasi ustidan nazorat kuchaytirilishiga qarshi. Milliarderning shtabi tomonidan tarqatilgan saylovoldi dasturi navbatdagi qismida shu haqda ma’lum qilingan, deya xabar beradi “Korrespondent. net”.
Respublikachi nomzodlar orasida mashhurlik bobida yetakchilik qilayotgan Tramp AQSh prezidenti Barak Obama bir necha bor taklif etgan harbiylarga xos ko‘p zaryadli avtomatik vintovkalar sotuvini taqiqlash va to‘pponcha hamda miltiqlarni xarid qilish istagida bo‘lganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni sinchiklab tekshirishga oid choralarga qarshi chiqdi.
“Hech kim amerikalik fuqarolarning qurol saqlash va olib yurish huquqiga daxl qilolmaydi. Qonunga itoatkor fuqarolarga o‘zlari bilan istagan o‘qotar qurollarini olib yurishlariga imkoniyat berish kerak. Hukumatning tartibli, halol insonlar qanday qurolga ega bo‘lishlarini nazorat qilishga haqqi yo‘q”, — deya ta’kidlagan Donald Tramp.
Izoh (0)