Burkino-Fasodagi harbiy isyonchilar avvalroq ular tomonidan hibsga olingan mamlakatning muvaqqat prezidenti Mishel Kafando va hukumat vazirlarini ozod qilishga rozi bo‘ldi. Bu haqda isyonchilar tomonidan Burkino-Faso televideniyesi orqali o‘qib eshittirilgan bayonotga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
BMT bosh kotibining G‘arbiy Afrika bo‘yicha maxsus vakili Muhammad ibn Shambas 17-sentabr kuni isyonchilar rahbari general Jilber Dyendre bilan uchrashib, mamlakatda konstitutsiyaviy tartibni zudlik bilan qayta tiklashni, shuningdek, Kafandoni ozod etishni talab qilgandi. Mazkur fikrlar keskin ohangda BMT bosh kotibi Pan Gi Mun nomidan yetkazilgan.
18-sentabr kuni Afrika Ittifoqi Burkino-Fasodagi yangi hokimiyatni tan olmasligini, muvaqqat hukumat yetakchilarining harbiylar tomonidan hibsga olinishini esa terrorchilik harakati deb baholashini ma’lum qilgandi.
AQSh esa harbiy isyon sabab Burkina-Fasoga ko‘rsatilayotgan iqtisodiyot yordamni vaqtincha to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqishi mumkinligini bildirgan bo‘lsa, Yevropa Ittifoqi Burkina-Faso prezidentining ozod etilishi va mamlakatda konstitutsiyaviy tartibni qayta tiklashni talab qilgandi.
Izoh (0)