Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mamlakat prezidenti Vladimir Putin BMT Bosh Assambleyasi 70-sessiyasida bir qator mavzularga, xususan, sanksiyalar masalasiga ham to‘xtalib o‘tishini ma’lum qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
“Putin zamonaviy dunyoning eng dolzarb muammolari bo‘yicha Rossiyaning prinsipial nuqtai nazarlarini bayon qiladi”, — dedi Lavrov.
Shuningdek, Rossiya prezidenti BMTdagi bo‘lajak nutqida Suriya masalasi va Ukrainadagi inqirozga ham to‘xtalib o‘tadi, xalqaro terrorchilikka qarshi kurashga baho beradi.
Putin so‘nggi 10 yildan beri birinchi marta BMT Bosh Assambleyasi majlisiga yo‘l olayotgan bo‘lib, Lavrovning izohlashicha, bu yubiley sessiya bo‘lgani va unda jahonning aksariyat mamlakatlari yetakchilari qatnashishi sabab, Putin unda ishtirok etishga qaror qilgan.
Avvalroq Putin 28-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasida nutq bilan chiqish qilishi haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)