AQSh o‘zining Rossiyaga qarshi qaratilgan sanksiya ro‘yxatlarini kengaytirgani munosabati bilan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi mazkur holatga izoh berdi. Bu haqda “Eurointegration.com.ua” xabar bermoqda.
Vazirlik bayonotida qayd etilishicha, AQShning mazkur qarori “Amerika—Rossiya munosabatlarini barqarorlashtirishga qaratilgan imkoniyatlarni ongli ravishda, bosqichma-bosqich yo‘q qilish bo‘yicha AQSh hukmron doiralarida ildiz otgan harakatlar ko‘zgusidir”.
“Ko‘p jihatdan ummon ortidan turib keltirib chiqarilgan va alanga oldirilgan Ukrainadagi keng miqyosli inqiroz AQSh ma’muriyati tomonidan Rossiya uchun nomaqbul “xulq modeli”ni tatbiq etish uchun asos sifatida foydalanilmoqda”, — deyiladi Rossiya TIV bayonotida.
“Rossiyaga qarshi qaratilgan sanksiya ro‘yxatlarini kengaytirish — so‘nggi vaqtlarda AQSh tomonidan Rossiyaga nisbatan turli, jumladan, harbiy, iqtisodiy va viza sohalarida amalga oshirilgan butun-bir dushmanona harakatlar ketma-ketligining navbatdagi elementidir”, — deb yozadi vazirlik.
“Alohida qayd etamiz: AQSh mazkur harakatlarni o‘zi uchun salbiy oqibatlarsiz davom ettira olishi borasida xom xayollarga bormasligi kerak. Biz tomondan javob choralari ko‘riladi”, — deyiladi Rossiya TIV bayonotida.
Avvalroq AQSh savdo vazirligi Eron, Shimoliy Koreya va Suriyaga yadroviy va raketa texnologiyalarini yetkazib berishga jalb etilgan Rossiya kompaniyalariga nisbatan sanksiyalar joriy etgandi.
Izoh (0)