Xitoy poytaxti Pekin shahrida o‘tkazilayotgan jahon chempionatida balandlikka sakrash sektorida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik Svetlana Radzivil 1 metr 92 santimetr natija ko‘rsatib, navbatdagi bosqichga chiqdi. Bu haqda “Olamsport.com” xabar bermoqda.
Nashr eslatishicha, mazkur jahon chempionatida 1 metr 94 santimetr balandlikni zabt etgan atletlar XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasi uchun belgilangan me’yorni bajaradi. Svetlana Radzivil avvalgi musobaqalarda belgilangan me’yorni bajarib bo‘lgan va endilikda jahon chempionatining medallari uchun kurash olib boradi. Keyingi bosqich musobaqalari 28-avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
Shu kunga qadar bo‘lib o‘tgan musobaqalar yakunlariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Keniya davlati vakillari 6 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan holda yakka peshqadam bo‘lib turibdi. Ikkinchi o‘rinda borayotgan Buyuk Britaniya sportchilari 3 ta oltin medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, kuchli uchlikni yakunlab turgan Yamayka vakillari hisobida 2 ta oltin va 1 ta bronza medali mavjud.
Ma’lumot uchun, mazkur jahon chempionatida 207 davlatdan 2000 nafardan ziyod sportchi ishtirok etmoqda. Musobaqalar 30-avgustga qadar o‘tkaziladi.
Izoh (0)