Eron neft vaziri Bijan Zangane, sohaning Eronga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar bekor qilinishiga tayyor turishini ta’minlash maqsadida, neft qazib olish hajmini 500 ming barrelga oshirish haqida ko‘rsatma berdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Avvalroq Eron milliy neft kompaniyasi (EMNK) rahbari Roknuddin Javodiy “sanksiyalar bekor qilinmaguniga qadar Eronda neft qazib olish ko‘rsatkichi o‘zgarmasligini” aytib o‘tgandi. Zanganening qazib olish hajmini oshirish haqidagi maktubi esa barcha neft konlari va terminallari rahbarlari, shuningdek, EMNKga yo‘llangan.
2015-yil bahorida EMNK so‘nggi 10 yilda birinchi marta Xark orolidagi neft eksportiga mo‘ljallangan terminallarni sinovdan o‘tkazgandi. Terminallar orqali kuniga rekord darajada ko‘p — 7 million barrel miqdorida neft ortildi. Bundan tashqari, supertankerlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida terminallar modernizatsiya qilingan.
Sanksiyalar joriy etilguniga qadar Eron kuniga 2,3—2,5 million barrel neft eksport qilardi, biroq keyinchalik bu ko‘rsatkich ikki barobar qisqardi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Eron bir yil ichida kunlik neft eksporti bo‘yicha sanksiyalargacha bo‘lgan davrdagi ko‘rsatkichga yetib olishi mumkin.
Izoh (0)