11-avgust, seshanba kuni “Paxtakor”ning 1979-yil aviahalokatga uchragan vakillarini yodga olib, bir nechta tadbirlar o‘tkaziladi. Bu haqida “Paxtakor” klubi matbuot xizmatiga asoslanib O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.
Mash’um halokat sodir bo‘lganining 36 yilligi munosabati bilan seshanba kuni soat 10:00 da, “Paxtakor” stadioni hududidagi yodgorlik oldida to‘planiladi va fojiaviy halok bo‘lganlar xotirlanadi.
Shundan so‘ng esa aviahalokatda vafot etganlar qabrlari joylashgan “Botkin” qabristoniga yo‘l olinadi. Kun davomida jamoa a’zolari xotirasini yodga oluvchi yana turli tadbirlar o‘tkazilishi mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tish joizki, 1979-yilning 11-avgust kuni Toshkent – Minsk yo‘nalishida parvoz qilayotgan samolyot Dneprodzerjinsk shahri uzra uchib o‘tayotgan vaqtida halokatga uchragan. Bortdagi barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan. Shu jumladan, Toshkentning “Paxtakor” futbol klubi vakillari ham.
Quyida mash’um falokatda olamdan o‘tgan “Paxtakor” a’zolarini keltirib o‘tamiz.
Jamoa murabbiyi: Sport ustasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ustoz — Idgay Tazetdinov.
Futbolchilar
Xalqaro toifadagi sport ustalari: Mixail An, Vladimir Fyodorov.
Sport ustalari: Olim Ashirov, Aleksandr Korchenkov, Sergey Pokatilov, Ravil Agishev, Nikolay Kulikov, Yuriy Zagumennix, Vladimir Makarov, Konstantin Bakanov, Viktor Churkin.
Sport ustaligiga nomzodlar: Shuhrat Eshbo‘tayev, Vladimir Sobirov, Sirojiddin Bozorov.
Shifokor: Vladimir Chumakov
Ma’mur: Mansur Tolibjonov
Izoh (0)