26—30-iyul kunlari Olma-Ota shahrida jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar o‘rtasida pauerlifting bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkazildi. O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi bergan xabarga ko‘ra, chempionatda o‘zbekistonlik 9 sportchi ishtirok etgan.
Ushbu nufuzli musobaqada o‘zbekistonlik paralimpiyachilar 5 ta medalga sazovor bo‘ldi. Roza Qo‘ziyeva 45 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida 75 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirib, bronza medalini oldi va 2016-yili Rio-de-Janeyroda o‘tkaziladigan Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun litsenziyaga ega bo‘ldi.
O‘smirlar o‘rtasida Farhod Umrzoqov (72 kg) va Hamid Rajabov (54 kg) oltin medallarni qo‘lga kiritib, Osiyo rekordini o‘rnatdi.
50 kg vazn toifasida Qudratoy Toshpo‘latova bronza, 80 kg vazn toifasida Doston Abdusattorov kumush medalini qo‘lga kiritdi.
Osiyo chempionatida 32 davlatdan tashrif buyurgan 280 dan ortiq sportchi ishtirok etdi.
Izoh (0)