Britaniyaning Fulxem shahrida istiqomat qiluvchi 100 yoshli Doris Eylingga shahar kasalxonasidan uning homiladorligi, shu munosabat bilan tegishli tekshiruvdan o‘tib, tahlillarni topshirishi kerakligi haqida maktub keldi. Bu haqda The Sun xabar bermoqda.
Eylingning so‘zlariga ko‘ra, ginekologlar tomonidan uning ismi va tug‘ilgan sanasi to‘g‘ri yozilganiga qaramay, hujjatni o‘qiganidan so‘ng u o‘zini darhol noxush his qilgan. “Mening uch farzandim va 20 nafar nevaram bor, 70 yildan beri homilador bo‘lmaganman. 100 yoshimda qanday qilib homilador bo‘lishim mumkin?!”, — dedi keksa ayol.
Kasalxona bilan bog‘langan Eyling va uning qarindoshlari xatolik yuz berganini aniqladi. Kasalxona xodimlari “bezovta qilganliklari uchun” keksa ayol va uning oilasidan kechirim so‘radi. Ayolning 76 yoshli o‘g‘li so‘zlariga ko‘ra, tushunmovchilik hal etilganidan so‘ng onasi kulib qo‘ygan.
Ginnesning rekordlar kitobiga ko‘ra, tabiiy yo‘l bilan homilador bo‘lib, so‘ng farzand ko‘rgan jahondagi eng keksa ayol 59 yoshli britaniyalik Don Bruk hisoblanadi. U 1997-yili shifokor ko‘rsatmasiga asosan tarkibida estrogenlar mavjud dorilarni qabul qilib, kutilmaganda homilador bo‘lib qolgan.
2006-yili, 66 yoshida farzand ko‘rgan ispaniyalik Mariya del Karmen Busada de Lara ekstrokorporal urug‘lantirish (EKU) yo‘li bilan homilador bo‘lgan jahondagi eng keksa ayol hisoblanadi. U 2009-yili, tug‘uruqdan so‘ng rivojlanib ketgan oshqozon saratonidan vafot etgan.
Izoh (0)