O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi iyul oyida ikkita o‘quv mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazadi. Olimpiyachilar yangi bosh murabbiy Viktor Jalilov boshchiligidagi birinchi yig‘inini 11—16-iyul kunlari o‘tkazadi. Ikkinchi yig‘in esa 20—25-iyul sanalarida tashkil qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 2016-yilda Qatar poytaxti Dohada bo‘lib o‘tadigan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Viktor Jalilov jamoasining musobaqadagi raqiblari shu yilning 12-sentabrida Qatarda bo‘lib o‘tadigan qur’a tashlash marosimida aniqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Viktor Jalilov 23-iyun kungi O‘FF ijroqo‘m majlisida Baxtiyor Ashurmatov o‘rniga olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan edi.
Izoh (0)