Ramazonning 20-kechasi Makka shahridagi Masjidul Haramda o‘qilgan tarovih namozining dastlabki o‘n rakatiga asl millati o‘zbek bo‘lgan Shayx Hasan bin Abdulhamid Buxoriy imomlik qildi. Bu haqda “Qadriyat.uz” xabar bermoqda.
Shayx Buxoriyga uning shogirdi, asli o‘zbek Shayx Ahmad Yunus Xo‘ja tablig‘chilik qildi (tablig‘ — haramaynda imomdan so‘ng takbirni takrorlash).
Ma’lumot uchun, Masjidul Haram ustozi bo‘lgan doktor Hasan Abdulhamid Buxoriy Makkadagi Ummul-Qurro Universiteti ulamolari kengashining a’zosidir. U mazkur universitetida shariat va fiqhdan ta’lim olgan, 2008-yildan shu oliygohning doktori. Doktor Buxoriy “Iqtisodiy boykotning huquqiy asoslari” kitobi muallifi.
Tasdiqlanmagan norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistonida 300 mingdan 1 milliongacha o‘zbeklar istiqomat qiladi — ularni turkistonliklar, buxoriylar deb ham atashadi. Ular asosan Makka, Madina, Jidda va Toif shaharlarida yashaydi.
Izoh (0)