Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning sobiq kuyovi Rohat Aliyevning Avstriya qamoqxonasidagi o‘limida zo‘ravonlik belgilari bo‘lmagan. Meduza.io’ning xabar berishicha, avstriyalik hamkasblari iltimosiga ko‘ra o‘rganish olib borgan shveytsariyalik sudmedekspertlar shunday xulosaga kelishgan.
Sankt-Gallen shahrida joylashgan sud meditsinasi instituti mutaxassislari Aliyev o‘ldirilganini tasdiqlovchi birorta ham belgini topa olmaganliklarini ma’lum qilishdi.
Avvalroq, dastlabki tekshiruv va tergov harakatlari davomida avstriyalik ekspertlar ham Rohat Aliyev o‘limiga o‘z joniga qasd qilish sabab bo‘lgani haqidagi xulosaga kelgan edi.
O‘z navbatida, Aliyevning advokatlari kimdir qandaydir yo‘l bilan ularning sobiq mijozini o‘z joniga qasd qilishga majbur etganini ta’kidlashmoqda va qo‘shimcha ekspertizalar o‘tkazilishini talab qilishmoqda.
Vena prokuraturasi vakillarining ta’kidlashicha, Aliyev o‘limi sabablarini aniqlash yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Qozog‘istondagi “Nurbank” rahbarlarini o‘ldirish va mol-mulkni talon-taroj qilish ishi bo‘yicha Avstriya qamoqxonasiga joylashtirilgan Rohat Aliyev 2015-yil 24-fevralida o‘z kamerasida osilgan holda topilgan edi.
Izoh (0)