O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 26- martdagi “2015-yilda AKT sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha O‘zbek-Koreya qo‘shma loyihasi to‘g‘risida”gi 2518-sonli qarori doirasida “O‘zbekiston Respublikasi hududlarining axborotlashtirish holati bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazish va boshqaruv jarayonlarini axborotlashtirishga oid bosh rejani ishlab chiqish” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan joriy yilning 1—5-iyun kunlari Koreya Respublikasining hududlarda axborotlashtirishni rivojlantirish va o‘rganish instituti (KLID) mutaxassislari ishtirokida taqdimot hamda o‘rganishlar tashkil etildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalariva kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Axborot xizmati.
Loyiha O‘zbekiston hududida ma’muriy boshqaruvda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishi yuzasidan joriy holatni batafsil o‘rganish va bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishni maqsad qilgan.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi, Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati Kompyuterlashtirish markazlari rahbarlari hamda mutaxassislari ishtirokida o‘tgan uchrashuvlarda xorijlik mutaxassislar tomonidan loyihaga oid bo‘lgan “O‘zbekistonda hududiy boshqaruvni axborotlashtirish bo‘yicha bosh reja”, “Boshqaruv jarayonini avtomatlashtirish” mavzularida taqdimotlar namoyish etildi.
Loyiha uchun Toshkent shahrida Sergeli tumani hamda Toshkent viloyatidan Pskent tumanlari tajriba sinov hududi sifatida tanlab olingan bo‘lib, xorijlik ekspertlar tumanlar hokimligida axborotlashtirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar bilan, xususan elektron hujjat almashinuvi hamda “KVAT” elektron tizimi faoliayti bilan yaqindan tanishdilar.
Izoh (0)