Yaman hududi “Ansorulloh” shia harakati tarafdori hisoblangan isyonchi-xusiylar to‘liq taslim bo‘lgunicha Saudiya Arabistoni boshliq “arab koalitsiyasi” harbiy-havo kuchlari tomonidan bombardimon qilinadi. Bu haqda, Sky News Arabia’ga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Koalitsiya qo‘mondonligi vakili, saudiyalik general Ahmad Asiriyning ma’lum qilishicha, Saudiya Arabistoni “xusiylar to‘liq taslim bo‘lmaganicha Yamanni bombardimon qilish to‘xtatilmaydi”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Ansorulloh” marralariga havodan zarba berishning qayta boshlanishiga nafaqat o‘t ochishni to‘xtatish tartibi xusiylar tomonidan muntazam buzilgani, balki jangovar harakatlar to‘xtatilgan vaqtda Yamanga taqdim etilgan barcha gumanitar yuklar, aholiga yetib borish o‘rniga, isyonchilar tomonidan talon-taroj qilingani ham sabab bo‘lgan.
Avvalroq Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr “arab koalitsiyasi” tomonidan e’lon qilingan “gumanitar tanaffus” o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadlarga yeta olmaganini, “Yamanga yetkazib berilgan oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari “Ansorulloh” bo‘linmalari tomonidan egallab olingani”ni ma’lum qilgandi.
O‘t ochishni to‘xtatish tartibi 12-may kuni Saudiya Arabistoni tomonidan e’lon qilingan edi. Ushbu tartib 18-may oqshomida yakuniga yetdi va Saudiya Arabistonidan tashqari Bahrayn, Qatar, Kuvayt va BAAdan (ularga Misr, Iordaniya, Marokash va Sudan ko‘mak bermoqda) iborat “arab koalitsiyasi “Umidning uyg‘onishi” operatsiyasini qaytadan boshlab, xusiylarning marralarini bombardimon qilishga kirishdi.
Izoh (0)