Katta ehtimol bilan Apple Music nomini oladigan Apple’ning yangi striming musiqa xizmati ijrochilar uchun ijtimoiy tarmoqni ham o‘z ichiga oladi. Bu haqda, sanoatdagi manbalarga asoslanib, 9to5Mac portali xabar bermoqda.
Musiqachilar ijtimoiy tarmoqda o‘z sahifalarini ochib, u yerda, misol uchun, qo‘shiqlardan namunalarni, fotosuratlar, videokliplar yoki konsertlarning anonslarini joylashtirishlari, shuningdek, hamkasblarining ijod namunalarini baham ko‘rishlari mumkin. O‘z navbatida, tinglovchilar iTunes’dagi akkuantdan foydalangan holda yulduzlarning xabarlariga izoh qoldirishlari, ularni “layk” qilishlari mumkin. Ayni vaqtda, tinglovchilar ijtimoiy tarmoqda ijrochilarnikidek sahifalarni ocha olishmaydi.
Apple o‘zining yangi servisini iyun oyi oxirida ishga tushirishni rejalashtirmoqda, loyihaning ilk taqdimoti 8 iyun kuni WWDC konferensiyasida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Taxminlarga ko‘ra, Apple Music pullik xizmat bo‘ladi, biroq, ilk ishga tushgan vaqtida sinov tariqasida foydalanish uchun bepul versiyasi ham taklif qilinadi.
Izoh (0)