O‘zbekistonga tashrif buyurgan Malayziya turizm va madaniyat vaziri Muhammad Nazri bin Abdul Aziz boshchiligidagi delegatsiya 24-aprel kuni “O‘zbekturizm” rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda UzDaily xabar bermoqda.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston tomoni asosiy sayyohlik yo‘nalishlari, birinchi galda, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida katta bo‘lmagan mehmonxona majmualari, dam olish va ovqatlanish shoxobchalari qurilishiga Malayziyadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritilishidan manfaatdor ekanligini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, malayziyalik vazir samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, malayziyaliklar jahonga mashhur sayyohlik markazlari – Samarqand, Buxoro, Xivaga, ularning islom tarixi va madaniyati bilan bog‘liq ulug‘vor obidalariga tashrif buyurishga katta qiziqish bildirayotganliklarini ta’kidladi.
Katta investitsiya imkoniyatlari borligini hisobga olib, Malayziya tomoni mamlakat investorlariga O‘zbekistonning turistik imkoniyatlari haqida axborot berish borasida hamkorlik o‘rnatishdan manfaatdorligini bildirdi.
Muhammad Nazri bin Abdul Aziz 2005-yili imzolangan amaldagi hukumatlararo Anglashuv memorandumi asosida “O‘zbekturizm” va Malayziya turizm va madaniyat vazirligi o‘rtasida xalqaro bitim imzolash borasida taklifni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Izoh (0)