1-may kuni Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashabbusi bilan Samarqandda birinchi marta “Favvoralar sayli” bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Tadbirlar Samarqanddagi 8 ta favvora hamda Payariq, Chelak, Urgut, Nurobod va Juma shaharlarida tashkil qilindi. Bayram dasturlari soat 10:00 dan 14:00 gacha va 17:00 dan 20:00 gacha o‘tkazildi.
Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat universiteti jamoasi Universitet xiyobonida bayram tashkil qildi. 150 yillik xiyobon bo‘ylab SamDU ma’muriyati va fakultet binolari joylashgan.
Tashrifchilarga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Javod Kozimov boshchiligidagi SamDU talabalarining badiiy havaskorlik guruhi chiqishlari, rassomchilik kafedrasi o‘qituvchilari va talabalarining ko‘chma ko‘rgazmalari, kurashchilarning chiqishlari, oliy o‘quv yurti shaxmatchilari va shashkachilarining o‘yinlari hamda gullar ko‘rgazmasi namoyish qilindi.
Bayramda SamDU o‘zbek filologiyasi fakultetining “Shalola” yosh shoirlar klubi ishtirok etdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya Mo‘minova bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, “Favvoralar sayli” Toshkentda 14 ta nuqtada bo‘lib o‘tdi.
Izoh (0)