Ukraina Oliy Radasi Ikkinchi jahon urushining barcha qurbonlari xotirasi uchun 8-mayni Xotira va murosa kuni deb belgilash, shuningdek, 9-mayni Ikkinchi jahon urushida natsizm ustidan qozonilgan G‘alaba kuni sifatida qoldirish haqidagi qonun loyihasini qabul qildi. “Segodnya.ua” xabariga ko‘ra, ushbu hujjat 261 nafar xalq deputati tomonidan ma’qullangan.
Qonunga ko‘ra, 8-may 1939-1945-yillarda bo‘lib o‘tgan Ikkinchi jahon urushining barcha qurbonlari xotirasi hurmatiga Xotira va murosa kuni deb belgilanadi va har yili nishonlanadi. 9-may esa Ukrainada Ikkinchi jahon urushida natsizm ustidan qozonilgan G‘alaba kuni sifatida nishonlanadigan davlat bayrami hisoblanadi.
Qonunda bayon etilishicha, Ikkinchi jahon urushining barcha yodgorliklari davlat muhofazasiga olinadi, ushbu yodgorliklarni tahqirlaganlarga nisbatan jazo choralari ko‘riladi.
Hujjatning kirish qismida qayd etilishicha, BMT Bosh assambleyasi 2004-yil 22-noyabrdagi rezolyutsiyasi bilan 8-9-may kunlarini xotira va murosa kunlari deb e’lon qilgan va tashkilotga a’zo mamlakatlarga, har yili nishonlanadigan G‘alaba yoki ozodlik kunidan tashqari, qayd etilgan har ikki kunni yoki kunlardan birini Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat sifatida har yili nishonlashni tavsiya qilgan.
Izoh (0)