O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida parlamentlararo munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Palata matbuot xizmati.
Qonunchilik palatasi hamda K.Adenauer nomidagi jamg‘arma hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston va Germaniya parlamentlari a’zolari, xalqaro va mahalliy ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida har tomonlama va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, parlamentlararo munosabatlarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Parlament amaliyoti borasida tajriba almashildi.
Germaniyalik hamkasblar, xususan, Tyurengiya yeri parlamenti deputatlari Mayk Moring va Evelin Gross Germaniyaning parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish, qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha tajribasiga oid ma’ruzalar bilan qatnashdi. Ular O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlarga, jumladan, o‘tgan parlament va Prezident saylovlariga yuqori baho berdi.
Tadbirda qonunchilik ishi sifatini, parlament nazorati samaradorligini, siyosiy partiyalar fraksiyalari rolini yanada oshirish borasidagi islohotlar parlamentning davlat hokimiyati organlari tizimida tutgan o‘rnini sezilarli darajada mustahkamlagani ta’kidlandi.
Parlament faoliyati samaradorligini oshirishda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, xorijiy hamkasblar bilan tajriba almashish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Mehmonlar Qonunchilik palatasida parlamentdagi ko‘pchilik – Demokratik kuchlar blokining tashkil etilishiga va ikki fraksiyaning parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilinishiga alohida qiziqish bildirdilar. Parlamentdagi bunday yangiliklar ko‘ppartiyaviylik tizimni mustahkamlashga, parlamentarizmni rivojlantirishning eng muhim shartlari sifatida parlamentlararo raqobat va fraksiyalararo kurashni kuchaytirishiga, parlamentning ijro hokimiyati faoliyati ustidan amaldagi nazoratining samarali tizimini shakllantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Davra suhbati konstruktiv ruhda, o‘zaro manfaatdorlik asosida o‘tdi. Muzokara davomida ikki mamlakat parlamentlararo hamkorligini mustahkamlashga oid takliflar ishlab chiqildi.
Izoh (0)