AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zidan oldingi prezidentlar — Barak Obama va Jorj Bushlarning portretlarini Oq uyga tashrif buyuruvchilar ko‘rmaydigan joyga olib qo‘yishni buyurdi. Bu haqda CNN manbalarga asoslanib xabar bermoqda.

Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uyga kiraverishda osilgan Obamaning portreti prezidentning shaxsiy qarorgohiga olib boruvchi asosiy zinapoyaning tepasiga ko‘chirilgan. Binoning bu qismi tashrif buyuruvchilar uchun butunlay yopiq bo‘lib, unga faqat prezident oilasi a’zolari, Maxfiy xizmat xodimlari va Oq uy apparatining cheklangan doiradagi xodimlari kira oladi. Xuddi shu tarzda katta Jorj Bush va kichik Jorj Bushning portretlari ham ko‘chirilgan.
Ta’kidlanishicha, bunday qadam Tramp va Obama o‘rtasidagi uzoq vaqtdan beri davom etayotgan keskin munosabatlarni yana bir bor ko‘rsatmoqda. Amaldagi prezident yaqinda Obamani davlatga xiyonatda ayblagan va uning ma’muriyati Rossiyaning AQSH saylovlariga aralashuvi haqidagi razvedka ma’lumotlarini to‘qib chiqarganini da’vo qilgan edi. Shuningdek, materialda Trampning Bushlar oilasi bilan ham uzoq muddatli kelishmovchiliklari borligi aytilgan. Kichik Jorj Bush rafiqasi bilan Trampning inauguratsiyasida ishtirok etgan, biroq keyingi rasmiy tadbirlarga qatnashmagan.

CNN suhbatdoshlarining qo‘shimcha qilishicha, Tramp Oq uy interyeridagi barcha o‘zgarishlarni, hatto mayda detallarni ham shaxsan nazorat qiladi. Obamaning portreti allaqachon o‘zgartirilgan. U Katta foyening bir burchagidan boshqasiga ko‘chirilgan va Pensilvaniya shtatining Batler shahrida bo‘lib o‘tgan saylovoldi mitingida Trampga suiqasd qilishga urinish tasvirlangan rasm bilan almashtirilgan.
Oq uy protokoliga ko‘ra, so‘nggi prezidentlarning portretlari rasmiy tadbirlar paytida mehmonlar va sayyohlar ko‘rishi uchun kiraverishda ko‘zga tashlanadigan joylarga joylashtirilishi lozim.
Izoh (0)