O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan O‘zbek Milliy akademik drama teatrida “Xush kayfiyat” qiziqchi va so‘z ustalari respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
“Xush kayfiyat” qiziqchi va so‘z ustalari respublika tanlovidan ko‘zlangan maqsad nomoddiy madaniy merosning eng tomoshabop va noyob janrlari bo‘lgan askiya, qiziqchilik san’atini keng targ‘ib etish, ular zamiridagi an’analar mazmun-mohiyatini yoshlar ongiga singdirishdan iborat.
Tanlovning barcha bosqichida mamlakatning turli hududlaridan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 3000 ga yaqin qiziqchi, so‘z ustasi, badiiy jamoalar qatnashdi. Ijrochilarning askiyalarida fikrlar munozarasi, hozirjavoblik, ziyraklik, so‘zamollik, ularning ma’naviy-axloqiy mezonlarga mosligiga alohida e’tibor qaratildi. Tanlov jarayonida askiyachilar mustaqil mavzuda payrovlar, qiziqchilar esa kulgi darg‘alari tomonidan ijro etilgan sahna asarlaridan namunalar, parodiya, pantomimalar yordamida qiziqarli hayotiy lavhalarni aks ettirdi. Ularning chiqishlari so‘z ustalari, dramaturglar tomonidan atroflicha baholandi.
Askiya yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rin hech kimga nasib etmadi. Navoiy viloyatidan “Bir zumda” askiyachilar jamoasi ikkinchi, Andijon viloyatidan “Askiyachilar” jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Qiziqchilik yo‘nalishida Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Qiziqchilar” jamoasi birinchi o‘ringa loyiq, deb topildi. Toshkentlik Behzod Oqbo‘tayev ikkinchi, andijonlik Bahodir Majidov uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Afandi latifalari ijrosi bo‘yicha andijonlik Sarvar Mamajonov, samarqandlik Xurshid Abdiyev va qashqadaryolik Ma’ruf Pardayevning mahorati yuksak baholandi.
G‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Izoh (0)