Fransiya janubida halokatga uchragan Airbus A-320 ikkinchi uchuvchisining sevgan qizi Andreas Lyubitsdan farzand kutayotganini ma’lum qildi, deb yozadi The Daily Mail.
Uchuvchi oila qurmoqchi bo‘lgan 26 yoshli maktab o‘qituvchisi Katrin Goldbax homiladorligini bir necha hafta avval bilgan. Nashr bu haqda Lyubits xabardor bo‘lgan-bo‘lmaganligiga aniqlik kiritmagan.
Juftlik o‘smirlik paytlarida tanishgan bo‘lib, so‘nggi yetti yil ichida bir necha bora aloqalarini uzib, yana qayta tiklagan. So‘nggi marta — bir necha hafta avval bo‘lgan janjallaridan so‘ng uchuvchi qizni qaytarish uchun unga yangi Audi avtomobilini sotib olmoqchi bo‘lgan.
Avvalroq Airbus A320 samolyoti ikkinchi uchuvchisiga nisbatan “qasddan qotillik qilish to‘g‘risidagi” ish qo‘zg‘atildi. Marsel prokurori ikkinchi uchuvchi Andreas Lyubits ongli ravishda balandlikni pasaytirganini aytdi. “Uning buni nima sababdan qilgani hozircha bizga ma’lum emas, biz shuni bilamizki, samolyotni u qulatgan”, — deya ta’kidladi Roben.
Eslatib o‘tamiz, 24-mart kuni Barselonadan Dyusseldorfga parvoz qilayotgan Airbus A320 samolyoti Fransiya janubida, Alp tog‘lari ustida halokatga uchrashi oqibatida layner bortida bo‘lgan 150 kishining barchasi halok bo‘lgan edi.
Izoh (0)