1902-yilning 1-iyulida tavallud topgan Xudoyberganova Bikaxon momo Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l shahri, O‘zbekiston ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiladi, deb xabar beradi “Bekajon” nashri.
To‘rt nafar farzandning onasi bo‘lgan 113 yoshli momo hozirgi kunda 70 nafardan ziyod nevara, chevara-yu evaralarning izzat-ikromida umrguzaronlik qilmoqda.
Momo o‘z yoshligini yodga olar ekan, kuch-g‘ayratga to‘lib turganida nimaiki mehnat bo‘lsa, qilib ketaverganini aytdi: “Kolxozda ertadan kechgacha tinim bilmay ishladim, ketmon bilan yer chopdim, paxta ekdim, arava haydab, qo‘sh qo‘shdim, kanal qazdik”.
Qayd etilishicha, momoning hamqishloqlari uni “kartoshkachi momo” deb atar ekan. Chunki u yetishtirgan kartoshka navlari boshqalarnikidan farq qilib, ancha shirin bo‘lib pishar ekan.
Bikaxon momo uzoq umr ko‘rishning sir-u sinoati nimada ekanligi bilan bog‘liq savolga quyidagicha javob berdi: “E, bolam, men qayerdan bilay? Yoshligim mehnat bilan birpasda o‘tib ketib, pensiyaga chiqqanimni bilmay ishlayveribman. Bir kuni kolxoz buxgalteri pensiyamni qo‘limga tutganida hayron bo‘lganman-da”.
“Qornimiz to‘yib ovqat yemasak-da, sabr-qanoat qilganmiz. Shukur qilib yashaganmiz”, – dedi momo.
Izoh (0)