Avval xabar berganimizdek, 28-noyabr kuni Termiz shahrida Amir Temur ordenini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi, uning to‘liq matnini O‘zA e’lon qildi.
Prezident keyingi yillarda Surxondaryoda, uning markazi Termiz shahrida katta hajmdagi bunyodkorlik va obodonchilik ishlari amalga oshirilayotgani, avvalo, zahmatkash Surxon ahlining turmush sharoitini yaxshilash maqsadida yangi-yangi uy-joylar, infratuzilma obyektlari barpo etilayotgani natijasida shaharning qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib borayotganini e’tirof etdi.
Islom Karimov qayd etishicha, so‘nggi paytda viloyatda namunaviy loyihalar asosida qishloq joylarda 3 ming 772 ta shinam uy-joylar qurilgan, birgina Termiz shahrida mahalliy sharoitga har tomonlama mos bo‘lgan, 1 ming 41 ta kvartiradan iborat 36 ta zamonaviy ko‘pqavatli uylar bunyod etilgan.
“Ayni vaqtda shaharni ko‘kalamzorlashtirish, noyob manzarali daraxtlarni tanlab ekish va parvarish qilish, yashil hududlarni ko‘paytirish hisobidan butun shahar yashil libosga burkanib, barchaning ko‘zini quvontiradigan, havasini tortadigan betakror qiyofa kasb etgani janubning jazirama quyoshi ostida yashaydigan odamlarga qanday qulaylik tug‘dirganini tasavvur qilish qiyin emas, deb o‘ylayman”, — dedi Prezident.
Izoh (0)