15-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov boshqardi, deb xabar bermoqda 2014-yilgi saylovlarni yoritish bo‘yicha respublika matbuot markazi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish masalasi ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, Markaziy saylov komissiyasi saylov qonunchiligi talablariga muvofiq, siyosiy partiyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarning qonunga muvofiqligini batafsil tekshirib chiqdi.
Markaziy saylov komissiyasi tekshirish yakunlariga ko‘ra va O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi qonunining 26-moddasiga muvofiq, saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Ta’kidlandiki, siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ko‘rsatish bo‘yicha barcha tadbirlar qonunchilik talablariga qat’iy muvofiq holda, oshkoralik va ochiqlik muhitida amalga oshirilgan.
Ro‘yxatga olingan deputatlikka nomzodlarning ro‘yxati matbuotda e’lon qilinadi. Majlisda siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlar tomonidan saylovoldi tashviqotini, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan, tashqi reklama imkoniyatlaridan va saylovoldi tashviqotining boshqa shakllari va usullaridan foydalangan holda olib borish tartibi to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Komissiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi bo‘yicha saylov byulleteni va saylov varaqasi namunalarini ham tasdiqladi. Shuningdek, majlisda Komissiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)