O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazida O‘zbekiston ta’lim sohasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassislari hamda Janubiy koreyalik bank-moliya tizimi mutasaddilari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Tadbirda “O‘zbekiston Respublikasi umumta’lim maktablarini axborotlashtirish” loyihasi doirasida 2011—2014-yillar mobaynida 1770 maktabga o‘quv-kompyuter sinflari uchun texnik jihozlar yetkazib berilgani qayd etildi. Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazida serverlar maydonchasi, multimedia studiyasi, kontent ishlab chiqaruvchilar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari muhandislari uchun maxsus xonalar tashkil etildi. Ayni paytda Janubiy koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda elektron axborot-ta’lim resurslarini ishlab chiqish ustida ish olib borildi.
“Har bir mamlakat kelajagida ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor muhim o‘rin egallaydi, — dedi Koreya Respublikasi strategiya va moliya vazirligi departament direktori Ko Je Myong. – O‘zbekistonda yosh avlod istiqboliga davlat tomonidan ulkan g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani diqqatga sazovor”.
Izoh (0)