O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining 2014-yil to‘qqiz oylik faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda fondning respublika boshqaruvi va hududiy bo‘limlari mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Tadbirda qayd etilganidek, o‘tgan davrda 873 fuqarolar yig‘ini kompyuter jamlamasi, 920 tasi mebel bilan ta’minlandi. 175 fuqarolar yig‘ini binosi rekonstruksiya qilinib, 19 tasi yangidan qurildi. 173 bolalar maydonchasi qayta ta’mirlanib, 152 tasi yangidan bunyod etildi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga muruvvat yordamlari ko‘rsatildi.
O‘zbekiston mustaqilligining 23-yilligi bayrami arafasida o‘tkazilgan “Eng namunali fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari” respublika tanlovi mahallalar faoliyatiga oid ilg‘or ish tajribasini ommalashtirish, soha xodimlarining o‘zaro fikr va tajriba almashishida muhim ahamiyat kasb etdi.
An’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Futbolimiz kelajagi”, “Mahallamiz pahlavonlari”. “Otam, onam va men – sportchi oila” musobaqalarida minglab o‘g‘il-qizlar, sportsevar oilalar faol qatnashdi. Mahallalardagi 757 ming bola sportning 20 dan ortiq turi va badiiy ijodiyot to‘garaklariga jalb etildi. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun muzeylar, madaniyat va istirohat bog‘lariga, tarixiy shaharlarga sayohatlar tashkil etildi.
Yig‘ilishda tizimda erishilgan ijobiy natijalar bilan birga, mavjud kamchiliklar ham muhokama etildi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Izoh (0)