Dubay politsiyachilarini Google Glass ko‘zoynaklari bilan ta’minlashadi, deya xabar beradi The Times.
Politsiyachilarni “aqlli ko‘zoynaklar” bilan ta’minlash ikki bosqichda amalga oshiriladi. Ushbu gadjetni birinchi bo‘lib patrul xodimlari qo‘lga kiritadi. Google Glass ko‘zoynaklari ularga yo‘l harakati qoidalarini buzuvchi huquqbuzarlarni kuzatish va YTH sodir etganlikda gumon qilinuvchi haydovchilarning transport vositalarini qidirib topish imkoniyatini beradi. Ikkinchi bosqichda ushbu ko‘zoynaklar bilan izquvarlar ta’minlanadi. Bu qidiruv ishlari va jamoat joylarida jinoyatchilarni topish jarayonlarini tezlashtirishga yordam beradi.
Shuningdek, Dubay politsiyachilari uchun maxsus dasturiy ta’minot ham ishlab chiqilgan. U ofitserlar va qidiruvdagi insonlar ma’lumotlar bazasi o‘rtasidagi aloqani ta’minlab beradi.
Dubay hukumati ushbu gadjetga pulni ayamayapti. Qayd etish lozim, o‘tgan yili politsiyachilarga asosiy turistik tumanlarda patrul qilishlari uchun 4oo ming AQSh dollari miqdoridagi Lamborghini rusumli sport mashinasi berilgan edi.
Google Glass ko‘zoynaklari gardishining chekka qismida kichkina kompyuter ekrani o‘rnatilgan bo‘lib, u suratga tushirish, videoga olish va audiotasmalarni eshitish xususiyatlariga ega.
Izoh (0)