Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida 2014-yil 19-sentabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) Kengashining navbatdagi yigirma beshinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi va ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi. Bu haqda UzDaily.uz xabar bermoqda.
Majlisda terrorchilik namoyon bo‘lishiga qarshi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida ShHT MATTning Mo‘g‘uliston, Eron Islom Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi mas’ul organlari bilan aloqalarini belgilab beruvchi hujjatlar ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
Majlis doirasida transchegaraviy neft va gaz quvurlarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining o‘zaro hamkorlikdagi choralari tasdiqlandi.
Shuningdek, ShHTga a’zo davlatlar xavfsizligiga rahna soluvchi terrorchilik, ayirmachilik va ekstremistik tashkilotlar hamda guruhlarning noqonuniy faoliyatiga qarshi birgalikda kurashish bo‘yicha ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining mutaxassislaridan iborat guruhni tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
ShHT MATT Kengashi qarorlarini amalga oshirish bo‘yicha ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasining o‘tgan davrdagi faoliyati ijobiy baholandi. Ijroiya qo‘mitasining hamda ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari chegaraviy xizmatlari mutaxassislarining 2015-yil uchun Ishchi dasturlari tasdiqlandi.
ShHT MATT faoliyatini rivojlantirish va ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shgan vakolatli organlar va ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasining qator xodimlari Kengash Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.
Shuningdek, majlis doirasida boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, kerakli qarorlar qabul qilindi.
ShHT MATT Kengashi raisligi Tojikiston Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga o‘tdi.
ShHT MATT Kengashining navbatdagi majlisi 2015-yil mart oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi kelishib olindi.
Izoh (0)