Qozog‘istonning G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida jinoyat ishlari bo‘yicha tumanlararo maxsus sud O‘zbekiston fuqarosini o‘ldirishda ayblanayotgan ikki nafar jinoyatchiga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda “KazTAG” xabar berdi.
Sudlanuvchi I.G. Zotov 15 yil, S. Ryaxov esa 16 yil muddatga jazoni qat’iy rejimdagi axloq tuzatish koloniyasida o‘tash va mol-mulkini musodara qilish sharti bilan ozodlikdan mahrum etildi.
Sudlanuvchilar jabrlanuvchi tomonga tovon puli ham to‘laydi. Bundan tashqari, har ikkala sudlanuvchi ham qamoqxonada alkogolizmdan majburan davolanishi kerak bo‘ladi.
Jinoiy ish hujjatlarida ko‘rsatilishicha, joriy yilning 30-may kuni shahar bozorlaridan biridagi tamaddixonada spirtli ichimlik ichib o‘tirib, sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Shoynazarov bilan tanishib qoladi. Ular o‘rtasida kelishmovchilikk yuzaga kelib, mushtlashuv boshlanadi. Oshnalar o‘zlarining yangi tanishini shilib, o‘lgunicha do‘pposlaydi. Shoynazarovning jasadi ertasi kuni ertalab mushtlashuv joyida topiladi.
Izoh (0)