Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) ta’lim berish xizmatini “Elektron injiniring” bakalavr dasturi hamda “Moliya”, “Xalqaro iqtisod”, “Biznes tahlili”, “Ta’lim menejmenti” va “Ingliz tilini o‘qitish metodikasi” magistrlik dasturlari bilan kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda UzReport axborot agentligi xabar bermoqda.
OTMning rasmiy saytida “Xalqaro biznes va menejment” hamda “Xalqaro tijoriy huquq” magistrlik dasturlari joriy yilda ham mavjudligi ma’lum qilingan.
Bundan tashqari, universitet pedagoglar malaka oshirishi uchun bir yillik kursni ham taqdim etadi. Kurs orqali o‘qituvchilar ta’lim sohasidagi zamonaviy standartlar va dars berish borasida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq mazkur muassasada ta’lim olish uchun belgilangan narx ikki yildan buyon oshirilmayotgani haqida xabar berilgan.
Ma’lumot uchun, Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti o‘z faoliyatini 2002-yil yanvardan beri yuritib kelayotgan bo‘lib, u O‘zbekistonda ochilgan birinchi xalqaro universitet hisoblanadi.
Izoh (0)