O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita AQSh Davlat departamentining 2013-yil bo‘yicha jahondagi din erkinligi to‘g‘risida e’lon qilgan ma’ruzasini rad etib, xabar chop etdi.
“Inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatlar, jumladan O‘zbekiston Respublikasidagi dindorlar huquqlari haqidagi ma’lumot, avval bo‘lganidek, dushmanlarimizning siyosiy mulohazalaridan kelib chiqib berilgan. Yildan-yilga allaqachon eskirib, hozirda hech qanday dolzarblikka ega bo‘lmagan jihatlarni ko‘chirib olish davom etmoqda. Ma’ruzada ataylabdan, bexabar kishilarda butun O‘zbekistonga nisbatan badxoh munosabatni keltirib chiqaradigan iboralar qo‘llanilgan, bu esa hujjatdagi ishonchsiz manbalardan olingan ma’lumotlar og‘izdan-og‘izga o‘tib ketishiga olib kelishi mumkin”, — deyiladi qo‘mita xabarida.
Xabarda O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonuni tilga olinib, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining 2013-yil sentabrida bo‘lib o‘tgan yillik majlisida uning dunyodagi eng yengillik bilan ijro etilayotgan qonunlardan biri sifatida e’tirof etilgani ta’kidlandi.
Qo‘mitaning qayd etishicha, qonunchilikka ko‘ra, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda cheklovlar yo‘q. Bugungi kunda O‘zbekistonda 16 ta turli diniy konfessiyalarning 2236 ta diniy tashkilotlari faoliyat olib bormoqda.
O‘zbekiston Konstitutsiyasida ko‘rsatilganidek, diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi (61-modda).“Biroq bu davlatning diniy tashkilotlar va oddiy dindorlar ehtiyojlariga e’tibor qilmasligi kerak degani emas. Ushbu tamoyildan kelib chiqib, davlat diniy tashkilotlar va ular o‘tkazayotgan tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi”, — deyiladi xabarda va buning tasdig‘i sifatida misollar keltiriladi.
Bundan tashqari, diniy materiallarni tayyorlash, tashish va tarqatish bilan bog‘liq vaziyatga ham oydinlik kiritilib, 2014-yil yanvarida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qaror eslab o‘tildi. Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, tashish va tarqatishga faqat davlat diniy ekspertizasidan o‘tkazilgandan keyingina ruxsat beriladi.
“Ma’ruzada sanab o‘tilgan ma’lumotlarning ko‘pchiligi eskirib, o‘z kuchini yo‘qotgan”, — deya ta’kidladi qo‘mita, ularning ba’zilarini sharhlab o‘tar ekan.
“O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari, shu jumladan dindorlar huquqlariga rioya etilishi me’yorlari mustahkamdir. Hukumat ushbu tamoyildan kelib chiqib, din sohasida har tomonlama o‘ylangan siyosat olib boradi. Ushbu fikrni tushunish va qabul qilishning eng yaxshi yo‘li — bu O‘zbekiston Respublikasiga shaxsan kelib, bunga ishonch hosil qilish”, — deyiladi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabarida.