5-sentabr kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Samsung Electronics kompaniyasi va KOICA (xalqaro hamkorlik bo‘yicha Koreya agentligi ofisi) vakillari ishtirokida Smart sinfxona — axborot texnologiyalari bo‘yicha mashg‘ulotlarga mo‘ljallangan, maxsus jihozlangan o‘quv xonasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Samsung Mobile Uzbekistan’ning Facebook’dagi sahifasi xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, 29—5-sentabr kunlari Samsung kompaniyasi xodimlari va KOICA ko‘ngillilari qator tadbirlarni o‘tkazdi. Jumladan TATUda axborot texnologiyalarining turli yo‘nalishlari bo‘yicha, Toshkent Professional o‘quv markazida elektr velosipedni yig‘ish bo‘yicha hamda O‘zbekiston Respublikasi hukumat xizmatchilari uchun axborot texnologiyalari bo‘yicha seminarlar olib bordi.
O‘quv xonasi ochilishidan so‘ng, anjumanlar zalida ko‘ngillilarning bir haftalik ishlari yakunlari muhrlangan videolavha ko‘rsatildi. Shuningdek, harakatlanganida elektr toki ishlab chiqarilib, maxsus tablodagi chiroqlar yonadigan elektr velosiped ham namoyish etildi.